O‘zbekistonlik yozuvchi Hamid Ismoilov 2026-yilgi Nobel mukofotining nomzodlar ro‘yxatiga kirdi
O‘zbekistonlik yozuvchi Hamid Ismoilov 2026-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotining ehtimoliy nomzodlari ro‘yxatida qayd etildi. Ro‘yxatda, shuningdek, Haruki Murakami, Margaret Etvud, Salmon Rushdi, Devid Grossman, Joan Rouling va Stiven King kabi taniqli mualliflar ham bor.
Biroq Nobel mukofotining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilgi nomzodlar va ularni tavsiya qilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar 50 yil davomida oshkor etilmaydi. Shu sababli Hamid Ismoilovning 2026-yilgi mukofotga rasman nomzod qilib ko‘rsatilganini hozircha tasdiqlashning imkoni yo‘q.
Hamid Ismoilov o‘zbek va rus tillarida ijod qiladi. Uning “Jinlar bazmi” romani 2019-yilda EBRD adabiyot mukofotini qo‘lga kiritgan, “We Computers” asari esa 2026-yilgi EBRD Literature Prize qisqa ro‘yxatiga kiritilgan.
2026-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 8-oktabr kuni Stokgolmda e’lon qilinadi. Mukofot topshirish marosimi 10-dekabrga rejalashtirilgan.
