Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyevga DOST brendi ostidagi ilk mahalliy avtomobil loyihasi taqdim etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga DOST brendi ostida ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan ilk mahalliy avtomobil loyihasi taqdim etildi. Taqdimot 30-sentabr kuni davlat rahbarining “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrifi chog‘ida o‘tkazildi.

ADM Global ma’lumotiga ko‘ra, hozirda kompaniya DOST brendi ostidagi gibrid avtomobil konsepsiyasini ishlab chiqmoqda va ishlab chiqarish maydonchasini tayyorlamoqda. DOST yengil avtomobilining ilk prototipini 2027-yil boshida namoyish etish rejalashtirilgan.

Loyihaning dastlabki bosqichida DOST yengil tijorat transporti (LCV), jumladan, mikroavtobuslar segmentida taqdim etiladi. Kompaniya bu orqali milliy brendga bo‘lgan talabni baholash, mahsulot va marketing yechimlarini ishlab chiqish hamda keyinchalik yengil avtomobil yaratishga tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtirmoqda.

DOST loyihasi “Yangi O‘zbekiston” universitetidagi ADM texnik laboratoriyasi bilan ham bog‘liq. Universitet talabalari ADM Jizzax zavodi muhandislari bilan birgalikda kelajak avtomobilini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda.

Prezident tashrifi davomida universitetning muhandislik, sun’iy intellekt, biotexnologiya, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda mashinasozlik yo‘nalishlaridagi laboratoriyalari faoliyati ham namoyish etildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan