Nikolas Keyj “Haqiqiy detektiv” serialining beshinchi mavsumida rol o‘ynashini tasdiqladi
“Oskar” mukofoti sovrindori Nikolas Keyj “Haqiqiy detektiv” (True Detective) serialining beshinchi mavsumida bosh rolni ijro etishini tasdiqladi. Aktyor bu haqda New York Comic Con festivalida ma’lum qildi.
Keyjning aytishicha, u ketma-ket ko‘plab filmlarda suratga tushish o‘rniga yana bir serialda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Aktyor yangi loyihasi aynan “Haqiqiy detektiv” bo‘lishini muxlislariga birinchi bo‘lib oshkor qilgan.
Keyjning serialga qo‘shilishi haqida ilk xabarlar 2025-yil yozida paydo bo‘lgan. Beshinchi mavsum voqealari Nyu-Yorkdagi Long-Aylendda kechadi. Aktyor yangi ishni tergov qiladigan politsiya xodimi Genri Logan obrazini gavdalantiradi. To‘rtinchi mavsum — “Tungi mamlakat” ustida ishlagan Issa Lopes yana shouranner sifatida qaytadi.
Nikolas Keyj yaqinda Prime Video platformasida bir mavsumdan so‘ng bekor qilingan “O‘rgimchak-Nuar” serialida ham rol ijro etgan. Shuningdek, u “Millat xazinasi” franshizasiga qaytish imkoniyatini muhokama qilmoqda va yangi “Ruhlar yig‘uvchisi” filmi suratga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
