O‘zbekistonda Buyuk Ipak yo‘li tarixiga oid madaniy boyliklar xarid qilinadi
Madaniy meros agentligi “Ipak yo‘li” davlat muzeyi fondini boyitish maqsadida tarixiy ashyolar, arxiv hujjatlari, noyob suratlar va boshqa madaniy boyliklarni xarid qilishni boshlaydi.
Xaridlar “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida amalga oshiriladi. Muzey fondi uchun Buyuk Ipak yo‘lining shakllanishi va rivojlanishi, shuningdek, uning Markaziy Osiyo hamda jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini aks ettiruvchi materiallar qabul qilinadi.
Bunday tarixiy ashyolarga ega fuqarolar va kolleksionerlar ularni belgilangan tartibda baholatish hamda muzey fondiga topshirish uchun Madaniy meros agentligiga murojaat qilishi mumkin. Madaniy boyliklarni xarid qilish ishlari 2026-yil dekabr oyidan boshlanadi.
“Ipak yo‘li” davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risidagi prezident qarori 2026-yil 21-aprelda qabul qilingan. Hozirda muzey fondini shakllantirish va boyitish ishlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun telefon: (+998) 90-250-77-41 (Mahmud Malikov).
